BOB.VI. QOVURISH VA
QAYNATISHDA TAYYORLANADIGAN TAOMLAR
7.1. SHO‘RVALAR
O‘zbek milliy
suyuq oshlari ichida ko‘p tarqalganlari sho‘rvalardir. Xonaki usulda
tayyorlanadigan sho‘rvalar dasturxonga har bir hudud va viloyatning
urf-odatlariga monand tortilishi mumkin. Umumiy ovqatlanish korxonalarida
tayyorlanadigan sho‘rvalar o‘z tarkibidagi masalliq va tayyorlash usullariga ko‘ra
tayyorlanadi, shulardan ba’zilarini o‘rganamiz.
Qaynatma sho‘rva.
Birlashtiruvchi to‘qimasi o‘rtacha bo‘lgan 1,5-2,0 kg. qo‘y yoki mol go‘shti
(kul va to‘sh qismi, suyagi bilan) tayyorlanib, qozondagi sovuq suvga solinadi,
qaynash darajasiga etkazilib, vaqti-vaqti bilan yuzidagi ko‘pigi suzib
turiladi. Go‘sht qaynab chiqqandan so‘ng chala pishgan no‘xat solinib, 40-60
min. past haroratda miltillatib qaynatiladi. So‘ngra sabzi (pallacha yoki
kattalari 2-4 ga bo‘lingan, maydalari butun) solib, 5-10 daqiqa qaynatiladi,
kartoshka (maydasi butun, kattasi 2-4 bo‘lib) 5-10 daqiqa qaynatilib, bosh
piyozning uchdan bir qismi solinadi, qaynash darajasigacha ko‘tarilib, yangi
pomidor (maydasi butun, kattasi pallacha qilib kesilgan) solib, 5-10 daqiqa
qaynatiladi, tilimlab kesilgan dumba yog‘i, ta’bga ko‘ra tuz, ziravor solib,
tayyor holga keltiriladi. Pishgan go‘sht bo‘laklari sho‘rvadan suzib olinadi.
Suyaklar ajratilgan holda yoki suyagi bilan kishi boshiga bir yoki ikki bo‘lak
hisobida kesiladi. Go‘shtni idishga solib, ustidan sho‘rva qo‘yilgan holda
dasturxonga tortishgacha catyia-nishi mumkin. Agar sho‘rva ma’lum muddat
davomida saqlanib tortiladigan yoki juda ko‘p miqdorda tayyorlanadigan bo‘lsa,
kartoshkasi suzib olinishi yoki alohida sho‘rvada pishirilishi mumkin. Sho‘rva
tayyorlashda chuchuk bulg‘or qalampiri qo‘shilsa, bosh piyoz kamaytiriladi.
Sho‘rvaga
ishlatiladigan chala pishirilgan no‘xatni tayyorlash uchun no‘xat saralanib,
yuvilib, sovuq suvda (o‘z vazniga nisbatan 2,5 barobar) uy haroratida 5-6 soat
ivitiladi va o‘z suvida past haroratda tuz qo‘shilmagan holda miltillatib qaynatiladi.
Tayyor sho‘rvani
dasturxonga tortishda kosaga go‘sht, ustidan sho‘rva o‘z masalliqlari bilan
solinib, unga mayda to‘g‘ralgan bosh piyozning uchdan ikki qismi qo‘shiladi,
bir chetiga mayda to‘g‘ralgan ko‘kat solinadi. Kosa kichik taqsimchaga qo‘yilib,
dasturxonga tortiladi.
Sho‘rva. Mol yoki
qo‘y go‘shti 1,5-2,0 kg hisobida qaynatma sho‘rvaga o‘xshash tayyorlanadi,
qozondagi sovuq suvga solinib, qaynash darajasiga etkazilib, vaqti-vaqti bilan
ko‘pigi suziladi, 40-60 daqiqa miltillatib qaynatilgach, sabzi (maydasi butun,
katta 2-4 ga bo‘lingan) solib bir qaynatib, mayda to‘g‘ralgan bosh piyoz
solinadi, 5-10 daqiqa qaynatib, pomidor (maydasi butun, kattasi pallacha
shaklida kesilgan) solinadi, 10-14 daqiqa qaynatib, kartoshka (maydasi butun,
kattasi 2-4 ga bo‘lingan) solinadi, 10-15 daqiqa qaynatib, tilimlab kesilgan
dumba yog‘i solinadi va tayyor bo‘lishidan 3-5 min, avval tuz, ziravor
solinadi. Sho‘rvaning go‘shti pishgandan so‘ng suzilib, suyagi bilan yoki
suyaksiz kishi boshiga 1-2 bo‘lakdan kesiladi, dasturxonga tortilguncha sho‘rvada
issiq holda saqlanadi. Kosaga pishgan go‘sht ustidan sho‘rva o‘z mahsuloti
bilan solinib, bir chetiga mayda to‘g‘ralgan ko‘kat solinadi, kichik
taqsimchaga qo‘yib, dasturxonga tortiladi.
Vermishel
(makaron) sho‘rva. Go’sht bilan piyoz dog‘langan yog‘da qizarguncha qovuriladi.
So‘ngra qozonga pomidor yoki tomat hamda somon shaklida to‘g‘ralgan kartoshka,
sabzi solib 5-6 minut qovuriladi. Masalliq qovurilgach, tuz va ziravorlar
solinadi, so‘ngra suv qo‘yiladi. Sho‘rva qaynab chiqgach vermishel (yoki
makaron) solib, 10-15 minut mildiratib qaynatiladi. Tayyor sho‘rva kosalarda
betiga kuk piyoz va kashnich sepib, dasturxonga tortiladi.
Vermishel (yoki
maqaron) sho‘rva uchun 500 g go‘sht, 100 g yog‘, 1 bosh piyoz, 3 dona pomidor
yoki 1 oshqoshiq tomat pasta, 2-3 sabzi, 2 dona kartoshka, 200 g vermishel
(yoki makaron), 1-2 ta dafna yaprog‘i, qizil qalampir va ta’bga kura tuz kerak
bo‘ladi.
Kifta sho‘rva.
Birlashtiruvchi to‘qimasi o‘rtacha yoki ko‘p bo‘lgan qo‘y yoki mol go‘shti
qiymalag‘ichdan ikki marta o‘tkazilib, chala pishirilgan guruch, xom tuxum,
ta’bga ko‘ra tuz, ziravor solib, kishi boshiga bir-ikki dona hisobida bo‘linadi,
tuxum shakli berilib kifta tayyorlanadi.
Qozondagi dog‘langan
yog‘ga sabzi (pallacha shaklda) solib, bir aylantirib olinadi, bosh piyoz
(xalqa yoki yarim halqa) solib, qizarguncha qovuriladi, so‘ngra tomat yoki to‘g‘ralgan
pomidor solib qovurilib, suv yoki suyak, go‘sht, qaynatilgan suyuqlik solib
qaynash darajasiga etkaziladi. No‘xat chala yuvib pishiriladi, sabzavotli
suyuqlikka solinib, 5-10 daqiqa qaynatilgach, kartoshka (maydasi butun, kattasi
2-4 ga bo‘lingan) solib, qaynash darajasiga etkaziladi, tayyorlangan kifta
solib, yana qaynash darajasigacha miltillatib qaynatib, tayyor bo‘lishidan avval
ta’bga ko‘ra tuz, ziravor solinadi. Shu tarzda 5-6 kishiga mo‘ljallab kifta sho‘rva
tayyorlash mumkin. Agar ko‘p kifta sho‘rva tayyorlanadigan bo‘lsa, tayyor
kiftalarni chuqur idishga bir qator terib, ustidan qaynoq sho‘rva solib,
dasturxonga tortguncha sho‘rvada issiq holda saqlash mumkin.
Kosadagi kifta
ustidan sho‘rva solinib, bir chetida to‘g‘ralgan ko‘kat bilan kichik
taqsimchaga qo‘yib dasturxonga tortiladi.
Qiyma sho‘rva.
Birlashtiruvchi to‘qimasi o‘rtacha yoki ko‘p bo‘lgan mol yoki qo‘y go‘shti qiymalag‘ichdan
ikki marta o‘tkazilib, mayda chopilgan bosh piyoz, xom tuxum, suv, ta’bga ko‘ra
tuz, ziravor qo‘shib, urib pishitiladi. Tayyorlangan qiyma 8-10 g. vaznda bo‘laklarga
bo‘linib, sharchalar yasaladi.
Bu taomning sho‘rvasi
kifta sho‘rvanikiga o‘xshash usulda tayyorlanadi. Sho‘rvaga kartoshka solgandan
so‘ng shakl berib, tayyorlangan qiyma bo‘laklari solinadi, miltillatib
qaynatib, tayyor bo‘lishidan avval ta’bga ko‘ra tuz, ziravor solinadi. Agar
qiyma sho‘rva ko‘p tayyorlansa, shakl berilgan qiyma bo‘laklari sho‘rvada
alohida pishirilishi mumkin. Shakl berib pishirilgan qiyma bo‘laklari ustidan
sho‘rva solinib, bir chetiga to‘g‘ralgan ko‘kat qo‘yilib, kichik taqsimchada
dasturxonga tortiladi.
Dumbulli sho‘rva.
Bu taom yozda va kuzda makkajo‘xori doni dumbul, ya’ni «sutli» bo‘lgan davrda
pishiriladi.
Eritilib, jizzasi
olingan qo‘y yog‘ini yaxshi dog‘lab, bunga to‘g‘ralgan piyoz, go‘sht, pomidor
solib qovuriladi. So‘ng suv qo‘yiladi. Qaynab chiqqunga qadar dumbul makkajo‘xori
tukini archib, har bir so‘ta 2 - 3 ga bo‘linadi va sho‘rvaga solib, bir soat
davomida mildiratib pishiriladi. Sho‘rva pishishiga 20 minut qollganda qozonga
to‘g‘ralgan kartoshka solinadi, batamom. pishganida esa tuzi rostlanadi.
Har bir kosaga 1
- 2 bo‘lakdan dumbul solib, ustidan sho‘rva qo‘yib, yuziga qirqilgan oshko‘klar
sepib mehmon dasturxoniga keltirib qo‘yiladi.
Kerakli
masalliqlar: 300 gr go‘sht, 100 gr qo‘y yog‘i,
6 ta makkajo‘xori so‘tasi, 2 bosh piyoz, 2 - 3 ta pomidor, 2 dona kartoshka,
tuz va ziravor hamda oshko‘k ta’bga ko‘ra solinadi.
Do‘lmali sho‘rva.
Qo‘y yoki mol go‘shti suyaklaridan ajratiladi. Laxim qismidan qiyma
tayyorlanadi, suyaklari esa chuqur idishga solinib qaynatib qo‘yiladi. Qiymaga
picha guruch, mayin to‘g‘ralgan piyoz, tuz va zira qo‘shib yaxshilab mijiladi.
Chuchuk
qalampirdan olib, sovuq suvda yuvib yuboriladi, so‘ng bandini chiqarib urug‘ini
qirqib tashlanadi. Har bir qalampirga qiyma to‘ldiriladi. Sho‘rvadan suyaklarni
olib, do‘lmalarni solib 40 - 45 minut mildiratib qaynatiladi. Sho‘rvaga sabzi, pomidor,
kartoshka va oshko‘klar ham solinadi. Tayyor bo‘lgach tuzi rostlanadi va har
bir kosaga 2 - 4 donadan do‘lma taqsimlab, ustidan sho‘rva solib dasturxonga
keltiriladi. Yoki sho‘rva kosalarda, do‘lmani esa lag‘anda yo likopchalarga
taqsimlab qo‘yish ham mumkin.
Kerakli
masalliqlar: 500 gr go‘sht,
400 gr piyoz, 0,5 stakan guruch, 12 - 15 dona chuchuk qalampir, 2 - 3 dona
sabzi, shuncha pomidor, 2 dona kartoshka, oshko‘klar, ziravorlar va tuz ta’bga
ko‘ra olinadi.
Комментариев нет:
Отправить комментарий