6.2. DIMLAB VA QOVURIB TAYYORLANGAN SABZAVOT TAOMLARI.
Har bir sabzavot
turi alohida yoki sabzavotlarni bir necha xili aralashtirilgan holda dimlanib
tayyorlanadi. Dimlanishdan avval sabzavotlar somoncha, ko‘bik yoki pallacha
shaklida to‘g‘ralib, yuzaki qovuriladi yoki suvda yuzaki pishiriladi va ozroq
qaynatma yoki sardak jazlangan tamat, jazlangan sabzavot, lavr yaprog‘i,
donador murch qo‘shilib dimlanadi. Yangi yoki sho‘r karamni dimlashda avval qo‘shimcha
ishlov berilmay dimlash mumkin. Sabzavotlar idish qopqog‘i yopilgan holda past
olovda dimlanadi.
Dimlab pishirish
uchun sabzi, sholg‘om, qovoq, pomidor, ismaloq shovul ishlatiladi.
Sabzavotlarni alohida yoki aralash holda dimlab pishirish mumkin. Dimlab
pishirish o‘z sharbatida yoki oz miqdordagi suyuqlikda (suv yoki qaynatmada)
sariyog‘ qo‘shib amalga oshiriladi. Dimlashdan qolgan suyuqlik to‘kib
tashlanmay, aksincha sabzavot bilan birga ishlatiladi. Dimlash jarayoni idish
yopilgan holda olib borilishi kerak. Dimlab pishirilgan sabzavotning ozuqali
qimmati, qaynatib, pishirilgan sabzavotga nisbatan ko‘ppoq saqlab qolinadi.
Tozalangan sabzavot
ko‘bik, pallacha, somoncha yoki to‘rtburchakli uzun shaklda to‘g‘raladi. Dimlab
pishirish uchun sabzavotlar 20 sm dan ko‘p bo‘lmagan qalinlikda (karam, bir
qator) idishga solinadi. Qovoq, qovoqcha, pomidor, ismaloq kabi tarkibidagi
suqlik oson ajraladigan sabzavotlar suyuqlik qo‘shmay dimlab pishiriladi.
Ismaloqni shovul bilan birga pishirish mumkin emas, sababi rangi o‘zgarib,
qotib qoladi. Dimlab pishirilgan sabzavotlar sariyog‘ yoki sut bilan
aralashtiriladi va taom yoki garnir sifatida tarqatiladi.
Dimlangan karam. Yangi karam somoncha
shaklida to‘g‘ralib 30 sm. gacha qalinlikda qozonga solinib ozroq qaynatma yoki
suv, yog‘ solinib, yuqori olovga qo‘yiladi. Karam hajmi cho‘kib, qozon bir
xilda qaynagach olov darajasi kamaytirilib, vaqti-vaqti bilan aralashtirilgan
holda yarim tayyor holgacha dimlanadi va jazlangan sabzavot (sabzi, piyoz, ko‘kat
ildizi) lavr yaprog‘i qo‘shilib, dimlab, tayyor bo‘lishdan avval jazlanib
qaynatma yoki suv bilan aralashtirilgan un, sirka, tuz, shakar qo‘shiladi. Agar
o‘rta pishar yoki kechki karamni dimlash kerak bo‘lsa, sirkani ertaroq ya'ni
dimlash boshida solinishi lozim. Sho‘r karamni dimlash kerak bo‘lsa sirka qo‘shilmaydi,
aksincha sirka o‘rniga shakarni portsiyasiga 10 grammdan ko‘paytiriladi.
Agar karamni
dimlashda cho‘chqa yog‘i yoki dudlangan cho‘chqa to‘shi ishlatiladngan bo‘lsa,
avval ular to‘g‘ralib, qovurilgandan so‘ng karam solinishi, qovurishdan chikqan
yog‘iga sabzavotlarni jazlash lozim. Dimlangan karam alohida taom yoki
taomlarga garnir sifatida va boshqa taomlarga qo‘shilib (solyanka, bigus)
tayyorlanadi. Tarqatishda dimlangan karam likobchaga solinib ko‘kat bilan bezatiladi.
Kerakli masalliqlar: Yangi karam 325 gr yoki sho‘r
karam 321 gr, 3% li sirka, 8 gr, pazandalik yog‘i 10 gr, yoki cho‘chqa yog‘i 15
gr, yoki dudlangan cho‘chqa to‘shi 26 gr, tomat pyure 20 gr., sabzi 13 gr, petrushka
(ildizi) 7 gr, boshpiyoz 18 gr, lavr yaprog‘i 0,02 gr, murch 0,05 gr, un 3 gr,
shakar 8 gr. Sof og‘irligi 250 gr.
Piyoz va pomidor
bilan dimlangan kartoshka. Ishlovdan o‘tgan kartoshka kubik yoki pallacha
shaklida to‘g‘ralib, yuzaki qovuriladi. Piyoz yarim halqa yoki pallacha
shaklida to‘g‘ralib jazlanadi. Pomidor parrak-parrak shaklida yoki pallacha
shaklida to‘g‘rab, qovuriladi. Tayyorlangan kartoshkaga jazlangan piyoz, qizil
asosiy yoki tomat sardagi qo‘yilib, lavr yaprog‘i, tuz, murch qo‘shib, iste'molga
tayyor bo‘lguncha dimlanadi. Dimlashda taomga qo‘ziqorin qo‘shib tayyorlanadi.
Quritilgan qo‘ziqorin ishlovdan o‘tkazilib, pishirib qovuriladi. Tarqatishda
likobchaga dimlangan kartoshka suzilib atrofiga qovurilgan pomidor qo‘yib,
mayda to‘g‘ralgan ko‘kat syepib beriladi.
Tarqatishda
likobchaga ragu suzilib ustidan sariyog‘ qo‘yib, ko‘kat syepib beriladi.
Kerakli masalliqlar: Kartoshka 67 gr, sabzi 50
gr, petrushka (ildizi) 13 gr, (bosh piyoz 36 gr.) sholg‘om 53 gr., yangi oq o‘zakli
karam 30 gr., pazandalik yog‘i 10 gr, sardak 75 gr, qovoq 43 gr yoki qovoqcha
45 gr, sarimso‘q, piyoz 1 dona, donador murch 0,05 gr, lavr yaprog‘i 0,02 gr,
oshxona margarini yoki sariyog‘ 5 gr, sof og‘irligi 255 gr.
Dimlab
pishirilgan sabzi. Sabzi o‘rta ko‘bik, pallacha yoki uzun to‘rtburchak shaklida
to‘g‘ralib, idishga solinadi. 1 kg sabziga 0,2-0,3 l. hisobida qaynatma yoki
suv qo‘yiladi, sariyog‘ yoki margarin solinib, qaynash darajasiga yetkaziladi,
tuz qo‘shib, qopqog‘i yopib dimlanadi va iste'molga tayyor holga kelguncha
dimlab piihriladi.
Tarqatishda
dimlab pishirilgan sabzi likobchaga solinib, ustidan bir bo‘lak sariyog‘ qo‘yib
beriladi.
Agar sabzi sardak
bilan tayyorlanadigan bo‘lsa, dimlab pishirilgan sabzi o‘rta quyuqlikdagi sut
sardagi bilan aralashtirilib shakar solinadi va qizdiriladi. Tarqatishda
qovurilgan non bo‘lagi qo‘shib beriladi.
Kerakli masalliqlar: Sabzi 271 gr., oshxona
margarini 5 gr., shakar 3 gr., sariyog‘ yoki sardak 50 gr., sof og‘irligi
210G`250 gr.
Sut sardagiga
aralashtirilgan sabzi va ko‘k nuxot. Sabzi mayda ko‘bik shaklida to‘g‘ralib,
sariyog‘ yoki margarin qo‘shib usti berkitilgan holda dimlab pishirib tayyor
holga keltiriladi. Tez muzlatilgan ko‘k nuxot tuzli, qaynab turgan suvga
solinib, tez qaynash darajasiga ko‘tarilib, 3-5 daqiqa qaynatiladi. Qadoqlangan
ko‘k no‘xot o‘z suvida bir qaynatib olinadi va alyumin g‘alvir yoki elakka
solinib suyuqligi silkitiladi. Dimlab pishirilgan sabzi, ko‘k no‘xot bilan
aralashtirilib, ustidan sut sardagi, tuz qo‘shiladi va aralashtirib
vizdiriladi.
Tarqatishda
likobchaga solinib, ustidan margarin syeli beriladi. Alohida likobchada qovurilgan non bo‘lagi
qo‘shib berish mumkin.
Kerakli masalliqlar: Sabzi 136 gr, margarin 10
gr., qadoqlangan ko‘k no‘xot 54 gr, sardak 75 gr, oshxona margarini 5 gr, sof og‘irligi
230 gr.
Sardakli oq o‘zakli
karam. Oq o‘zakli karam pallacha shaklida to‘g‘ralib yoki har bir bargi
ajratilib, qaynyuq suvga botirib olinadi va shar shaklida o‘rab, idishga bir
qator teriladi. Oz miqdorda suv yoki qaynatma qo‘yib, sariyog‘ yoki margarin,
tuz qo‘shib, idish qopqog‘i yopilib iste'molga tayyor bo‘lguncha dimlab
pishriladi.
Tarqatishda
likobchaga solinib ustidan sut, nordonroq qaymoq yoki tomatli nordonroq qaymoq
sardagi qo‘yib beriladi. Agar karam garnir sifatida ishlatilsa, shashka
shaklida to‘g‘ralishi mumkin.
Qovurish uchun
asosan xom sabzavotlar ishlatiladi, ba'zi hollarda avval pishirilganlari ham
ishlatiladi. Sabzavot tarkibida turg‘un bo‘lmagan protopektin va yetarli
darajada suyuqligi bo‘lgan sabzavotlar xom holda qovuriladi. Bunday
sabzavotlarga kartoshka, qovoq, qovoqcha, pomidor va boshqalar kiradi.
Sabzavotlar tarkibidagi protopektin turg‘un bo‘lsa, ular avval dimlab yoki
qaynatib pishiriladi yoki mayda to‘g‘ralib so‘ng qovuriladi. Bunday
sabzavotlarga sabzi, qizilcha, karam kiradi. Qovurish jarayonida sabzavotlar o‘z
tarkibidagi suyuqligini ma'lum darajada yo‘qotadi, yuzida qovurilgan qobiq
hosil bo‘ladi, o‘ziga xos hid va mazaga ega bo‘ladi.
Sabzavotlarni ko‘p
yog‘da yoki asosiy usulda qovuriladi. Qovurishdan avval sabzavotlar to‘g‘raladi.
Qovoqcha, qovoq, pomidor, baqlajon kesib tegishli shaklda kesilgandan so‘ng
unga belab qovuriladi. Asosiy usulda qovurish uchun har xil yog‘ ishlatilishi
mumkin. Asosiy usulda qovurish uchun tovaga yog‘ solib 140-150°C darajada
qizdiriladi va tayyorlangan sabzavot solinib ikki yoqlama qobiq hosil qilib
qovuriladi. So‘ng qovurish shkafida iste'molga tayyor holga kelguncha
ushlanadi.
Ko‘p yog‘da
kartoshka, piyoz, petrushka ko‘kati va boshqalar qovuriladi. Buning uchun
sabzavotlarning suvi g‘alvirda silkitilib, sochiqda yopib qo‘yib quritiladi,
chunki qizigan yog‘ga solingan sabzavot tarkibidagi suv yog‘ni sachratib
yuborishi mumkin. Ko‘p yog‘da qovurish uchun aralash (omuxta) yog‘larni
ishlatish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Bunda 50% o‘simlik va 50% hayvon yoki
70% hayvon va 30% o‘simlik yoki pazandalik yog‘i ishlatiladi. Sariyog‘ va
margarin ishlatilmaydi, chunki ular past issiq sharoitida tutaydi, yuqori
darajadagi issiqlik ta'sirida kuyuvchi oqsil moddalari mahsulot hamda yog‘
tarkibini qoraytirib, ularning sifatini buzadi. Sabzavotlarni maxsus
apparatlarda (frityurnitsa) yoki qalin, chuqur tovalarda maxsus metal syetka
yordamida qovuriladi. Yog‘ miqdori mahsulotga nisbatan 4 barobardan ortiq bo‘lishi
hamda idish yarmini egallashi kerak. Chunki 170-180°C gacha qizdirilgan yog‘ning
mahsulot solinganda ko‘pirishini nazarda tutish lozim. Mahsulot 2-8 dakiqa
davomida qovuriladi. Kovurilgan sabzavotlar taom sifatida tarqatiladi yoki
garnir sifatida ishlatiladi.
Qovurilgan kartoshka. Qovurilgan kartoshka xom
yoki pishirilgan kartoshkadan tayyorlanadi. Ishlovdan o‘tib to‘rtburchakli
uzun, pallacha, kubik, tilim-tilim shaklida to‘g‘ralgan xom kartoshka bir-biri
bilan yopishib qolmasligi uchun sovuq suvda yuvilib, suvi silkitilib, biroz
quritiladi va tovada qizib turgan yog‘ga solinadi, vaqti-vaqti bilan
aralashtirib, iste'molga, tayyor bo‘lishdan avval tuz solib, qizarish qobiq
hosil bo‘lguncha qovuriladi. Agar plita ustida qovurilganda biroz xom bo‘lsa,
qovurish shkafiga qo‘yib, iste'molga tayyor holga keltiriladi. Qovurish
jarayonida kartoshkaning qalinligi 4-5 smni tashkil etishi kerak. Saralab
yuvilgan kartoshka po‘sti bilan pishirilib, sovutiladi, po‘sti tozalanib,
tilim-tilim yoki parrak-parrak shaklida kesilib, qizib turgan tovadagi yog‘ga
yupqa yoyilgan holda tuz solinib, qovuriladi.
Tarqatishda
likobchaga suzilib ustidan o‘zi qovurilgan yog‘i yoki sariyog‘ quyib, qo‘shimcha
garnir (yangi, tuzlangan yoki qadoqlangan bodring, pomidor yoki yangi, sho‘r
karam salatlari) hamda ko‘kat bilan bezab beriladi.
Qovurilgan
kartoshka piyoz bilan ham berilishi mumkin. Bunda jazlangan piyoz tarqatishdan
avval tayyor kartoshka bilan aralashtiriladi.
Ko‘p yog‘da
qovurilgan kartoshka, ishlovdan o‘tgan kartoshka oddiy, (somoncha, ko‘bik,
pallacha, to‘rtburchakli, uzun, tilim-tilim, parrak-parrak), shar, qirindi
shaklida to‘g‘ralib, yuvib, suvi silkitilib, quritiladi. Tovada 170-180°C gacha
qizdirilgan yog‘ga tayyorlangan kartoshka solinib, qizarish qobiqli yumshoq
holga kelguncha qovuriladi. Qovurish vaqti kartoshkaning kesilgan shakliga bog‘liq.
Qovurilgan kartoshka yog‘dan suzilib, yog‘i silkitilib, mayda tuz syepib,
aralashtiriladi. Kartoshkani qovurishdan avval tuzlash mumkin emas, chunki tuz
kartoshka tarkibidagi suyuklikni siqib chiqarib, qovurayotganda, yog‘ni ko‘pirtirib
yuboradi.
Tarqatishda
kartoshka likobchaga suzilib ko‘kat bilan bezatib beriladi.
Ko‘p yog‘da
qovurilgan piyoz. Piyoz halqa shaklida to‘g‘raladi. Unga belanib, 180°C gacha
qizdirilgan yog‘ga solinadi, 3-5 daqiqa davomida qizg‘ish qobiq hosil bo‘lguncha
qovurilib, chovlida suzib olinadi, yog‘i silkitiladi, lekin tuzlanmaydi. Bifshteks
uchun garnir sifatida va boshqa taom uchun ishlatiladi.
Ko‘p yog‘da
qovurilgan petrushka ko‘kati. Saralangan petrushka ko‘kati bandi bilan yuvilib,
suvi silkitiladi, biroz kuritib, yog‘da 1-2 daqiqa davomida qovuriladi. So‘ng
chovlida suzib olinib, yog‘i silkitiladi. Taomlarga garnir sifatida
ishlatiladi. Xamirga botirib qovurilgan baliq, yog‘da qovurilgan baliq
taomlariga ziravor sifatida ishlatiladi.
Qovurilgan qovoqcha
bilan pishirilgan kartoshka. Qovoqchaning po‘sti urug‘i tozalanadi. Qalinligi
0,5-1 sm qilib parrak-parrak shaklida kesiladi. So‘ng tovada qizib turgan yog‘ga
solib 2 yoqlama qobiq hosil qilib qovuriladi. Yog‘i silkitilib, qovurish
shkafida iste'molga tayyor holga keltiriladi.
Tarqatishda
likobchaga qovurilgan qovoqcha yoniga pishirilgan kartoshka qo‘yilib, bir chetiga
nordonroq qaymoq, sut sardagi, nordonroq qaymo‘q sardagi yoki tomatli nordonroq
qaymoq sardagidan solib, ko‘kat qo‘shib beriladi.
Sabzi kotleti. Sabzi mayda somoncha shaklida
to‘g‘raladi yoki sabzavot kesuvchi mashinadan o‘tkaziladi va chuqur idishga
solinib, ustidan sut, qaynatma aralashmasi yoki suv, margarin yoki sariyog‘
solinib, dimlanadi. Mahsulot yumshoq holga kelgach, ustidan manniy yormasi
naycha usulida oz-ozdan solib aralashtiriladi. Iste'molga tayyor holga kelguncha
qaynatib pishiriladi. Hosil bo‘lgan mahsulot 40-50°C gacha sovitilib, tuz, xom
tuxum, ezilgan suzma solib yaxshilab aralashtiriladi. Kotlet tayyorlashda suzma
qo‘shilmasligi yoki manniy yormasi o‘rniga quyuq sut sardagi ishlatilishi
mumkin. Tayyorlangan mahsulot portsiyaga bo‘linib, kotlet shakli berilib,
urvoqqa belanadi, qizib turgan yog‘da 2 yoqlama qobiq hosil qilib qovurib,
qovurish shkafida iste'molga tayyor holga keltiriladi.
Sabzi kotletini
yana boshqa usulda tayyorlasa ham bo‘ladi. Buning uchun ishlovdan o‘tgan sabzi
to‘g‘ralib dimlab pishiriladi. So‘ng go‘sht qiymalovchi mashina yoki ezuvchi
mashinadan o‘tkazib, sut va margarin qo‘shib qaynatilgan holda manniy yormasi
solib, quyuq holgacha qaynatib pishiriladi. Sovitib tuz, xom tuxum qo‘shib
aralashtiriladi. Biroz shakar (3-5 g. hisobida) qo‘shsa ham bo‘ladi.
Tayyorlangan mahsulot portsiyaga bo‘linib, shakl berilib, urvoqqa belab
qovuriladi.
Tayyor kotlet
likobchaga solinib ustidan sariyog‘, margarin yoki alohida sardak idishida
nordonroq qaymoq yoki nordonroq qaymoq sardagi, shuningdek sut sardagi beriladi.
Kerakli masalliqlar: Sabzi 156 gr. oshxona
margarini 5 gr, sut 15 gr, qaynatma 15 gr, manniy yormasi 15 gr, tuxum 1G`10
dona, suzma 31 gr, urvoq yoki un 12 gr, pazandalik yog‘i 10 gr margarin yoki
sariyog‘ 10 gr, yoki nordonroq qaymoq 25 gr, sardak 75 gr. Sof og‘irligi: yog‘
bilan 160 gr, nordonroq qaymoq bilan 175 gr. Sardak bilan 225 gr.
Lavlagi kotleti. Lavlagi po‘sti bilan pishirib
yoki yopib pishirilgach, po‘sti tozalanadi, sabzavot to‘g‘rovchi yoki ezuvchi
mashinadan o‘tkaziladi, chuqurroq idishga solib, margarin, manniy yormasi qo‘shib,
qaynatib pishiriladi, sovitilib, xom tuxum, tuz qo‘shib, aralashtiriladi,
portsiyaga taqsimlab, urvoqqa belanadi, shakl berib, qovuriladi, huddi sabzi kotletiga
o‘xshash tarqatiladi.
Mustahkamlash uchun savollar.
1.Dimlab pishiriladigan sabsovotlar
haqida ayting
2. Qovurilgan qovoqcha bilan
pishirilgan kartoshka qanday
tayyorlanadi?
Комментариев нет:
Отправить комментарий